Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Akademik litseyida 1-bosqich o‘quvchilari uchun tadbir tashkil etildi. Asosiy maqsad ularni akademik litsey hayoti bilan tanishtirish hamda munosib deb topilgan a'lochi o‘quvchilarni "Akademik litseyimiz iftixori" stipendiyasi bilan taqdirlashdan iborat.
Tadbirni TDIU O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, TDIU Akademik litseyi direktori Mansur Po‘latovich Eshov ochib berdi. O‘z so‘zida 1-kurs o‘quvchilarini o‘qishga qabul qilingani bilan samimiy muborakbod etarkan, ularga kelgusida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi. Ota-onalar, jamiyat, ustozlar ishonchini oqlash, buyuk kelajak qurish uchun har bir o‘quvchidan fanlarni a'lo baholarga o‘zlashtirish, darslarga jiddiy yondashish talab etilishini alohida ta'kidladi.
Shundan so‘ng, eng a'lo natija ko‘rsatgan 10 nafar o‘quvchiga litsey rahbariyati tomonidan "Akademik litseyimiz iftixori" stipendiyasi topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, bugun TDIU Akademik litseyida jami 450 ga yaqin o‘quvchi tahsil olib kelmoqda. Ular zamonaviy bilimlarga ega bo‘lishlari uchun litseyda barcha shart-sharoitlar mavjud.